Toshkentda 116 million so‘mlik mahsulot o‘g‘irlagan omborxona mudiriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan MChJ omborxona mudiri lavozimida ishlagan 39 yoshli X.R umumiy bahosi 116 801 993,5 so‘mlik 14 turdagi mahsulotlarni davomiy ravishda o‘g‘irlab, ularni sotib pullarni o‘z ehtiyojiga sarflagan. Bu haqda tergov departamenti xabar beradi.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan X.R.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida X.R. JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Dastlabki tergov davomida mazkur jinoyatga 34 yoshli S.Ya. aloqadorligi aniqlanib, u ham gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha jami zararning 90 million so‘mi qoplangan. Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Quvada narxi bir yarim million so‘mlik telefon o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар