Fargʻonada 8,3 mlrd soʻm soliqlarni toʻlamay kelgan korxonalar rahbarlariga jinoiy ish qoʻzgʻatildi

Farg‘onada bir necha korxonaga egalik qilib kelgan shaxslarning 8,3 milliard soʻm soliqlarni toʻlamay kelgani aniqlandi. Bu haqda “Teznews”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, fuqaro A.Z. va boshqalar 11 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarni rasmiy va norasmiy boshqarib kelgan. Ular noqonuniy daromad orttirish maqsadida jamiyatlarning yuridik manzilini oʻzgartirish orqali budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan 8,3 milliard soʻm soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlagan.

Qayd etilishicha, fuqaro A.Z. muqaddam Jinoyat kodeksining 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) bilan ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.Z. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Янгиликлар