O‘zbekistonda sementni “yashil yo‘lak” tizimi import qilish taklif qilindi

Foto: Qizilqumsement

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sementni import asosida respublikaga “yashil yo‘lak” tizimi orqali olib kirishni taklif qildi. Bu haqdagi tegishli prezident qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Qarorga ko‘ra, “yashil yo‘lak” tizimi orqali kirib keladigan sementning bojxona rasmiylashtiruvi quyidagi tartiblarning birini qo‘llash orqali amalga oshiriladi:

Sement to‘pi bojxona chegarasiga kelguniga qadar import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ixtiyoriylik asosida uning namunalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun sertifikatlashtirish organiga taqdim etiladi, bunda mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishi tegishli muvofiqlik sertifikati olingandan so‘ng amalga oshiriladi;

Oxirgi o‘n ikki oy davomida berilgan muvofiqlik sertifikati asosida (amal qilish muddatidan qat’i nazar) syement bojxona chegarasiga olib kelingandan so‘ng “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida mahsulotni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun berilgan arizaning sertifikatlashtirish organi tomonidan qabul qilinishi va sinovlar o‘tkazish uchun shartnoma tuzilishi mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishiga asos bo‘ladi, bunda laboratoriya sinovlarining natijalariga ko‘ra sinov bayonnomasi beriladi;

Sertifikatlashtirish organi bilan xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida sementni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish organi tomonidan davriy ravishda laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi.

Shuningdek, laboratoriya sinovi natijalariga ko‘ra sement belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan taqdirda, bu to‘g‘risida bir kun muddatda sertifikatlashtirish organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt va tegishli davlat organlari xabardor qilinadi.

Bunda, belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan sement realizatsiya qilingan taqdirda, xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushum xaridorlarga qaytariladi yoxud xaridorlarni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda respublika budjetiga olib qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ushbu ikki holat bo‘yicha “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti ko‘rsatma beradi.

Qarorda belgilanishicha, “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti bergan ko‘rsatmani bajarmaganlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topilgan sementni realizasiya qilish natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar, sementni import asosida olib kirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan sud tartibida undirilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq sementni import qilish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan topshiriq berilgani xabar qilingan edi.