Namanganda Telegram orqali telefonni “blok”ka solib, pul ishlagan yigit qo‘lga olindi

Foto: theworldnews

Toshkent shahrida 13-iyun kuni Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro Ichki ishlar vazirligi portaliga ariza bilan murojaat qiladi. U 12-iyun kuni soat 19:00 atrofida Telegram messenjeridagi bir kanalga kirib, undagi faylni yuklab olganidan soʻng uyali telefoni “blok” holatiga tushib qolganligini bildirgan. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Shundan so‘ng qurilmani “blok” holatidan ochish uchun dasturda ko‘rsatilgan abonent raqamiga “Paynet” to‘lov tizimi orqali 10 000 so‘m pul mablag‘i tushirilishi haqida xabar kelgan. Arizachi ushbu pul mablag‘ini o‘tkazganidan keyin ham telefon apparati “blok” holatidan chiqmaganligini ma’lum qilib, mazkur dasturni tarqatgan shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan IIV tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tergov oldi tekshiruv harakatlari davomida fuqaro “HUAWEI TAG-L21” smartfoni tekshirib ko‘rish uchun “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasiga taqdim qilingan.

Aniqlanishicha, fuqaroning Telegram messenjeridagi “Uydagi_Yulduzlar” #Uyda QOLING” (@fan_club_miz) nomli kanalda tarqatilgan dastur zarar keltiruvchi virusli dastur bo‘lgan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, ushbu Telegram kanali Namangan viloyati, Toʻraqo‘rg‘on tumanida yashovchi, hozirda Namangan madaniyat ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi, 19 yashar fuqaroga tegishli ekanligi aniqlandi.

Tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan 4-iyulda Jinoyat kodeksining 278-6-moddasi 1-qismi (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi modda bo‘yicha jinoyat qilgan shaxsga uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Янгиликлар