Oʻktam Barnoyev yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi
Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasida videoselektor koʻrinishida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻktam Barnoyev federatsiya raisi etib saylandi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar bermoqda.
“Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Oʻktam Barnoyev nomzodi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisligiga tavsiya qilindi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shuningdek, konferensiyada federatsiya rahbariyati hamda 13 kishidan iborat Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari tarkibi ham saylandi”, deyiladi xabarda.
Unga koʻra, rais oʻrinbosarlari sifatida Feruz Abdullayev, Bahrom Norqobilov, Avaz Ismoilov va Kamol Xudoyberdiyev nomzodlari maʼqullangan.
Shu bilan birga, Kamol Xudoyberdiyev federatsiya bosh kotibi lavozimiga tasdiqlangan. Bungacha federatsiyada rais oʻrinbosari sifatida faoliyat olib borgan Bahrom Gaziyev hamda Akmal Toshevlar ham oʻz lavozimida qolishgan.
Videoselektor davomida yilqichilik va ot sporti federatsiyasining keyingi faoliyati boʻyicha takliflar bildirilgan. Unga koʻra hududlarda ushbu sport turini yana-da rivojlantirish boʻyicha markazlar tashkil etish, sport inventarlari holatini oʻrganish va yangilash borasida kelishib olingan.
Avvalroq Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar berilgandi.