O‘zbekistonda koronavirusga qarshi dori ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi “Kovipir” nomi ostida favipiravir faol moddasi asosida dori vositasini ishlab chiqarish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini boshladi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniyaning sifat bo‘yicha direktori Shamshod Sharipov so‘zlariga ko‘ra, ushbu dori vositasining patenti Yaponiyaning Toyama Chemical kompaniyasiga tegishli hisoblanadi. RNK saqlovchi viruslarga (gripp, rinovirus, nafas olish tizimi viruslari va boshqalar) qarshi keng ta’sir doirasiga ega ushbu dori vositasining koronavirusga qarshi ijobiy ta’siri isbotlangan bo‘lib, 2020-yil fevral oyidan boshlab Yaponiyada koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llana boshlangan.

“Shu oyning o‘zidan boshlab Xitoyning ‘Zhejiang Hisun Pharmaceutical’ kompaniyasi uni ‘Favilavir’ savdo nomi ostida ishlab chiqarishni boshladi. Rossiyada esa may oyidan e’tiboran ‘Avifavir’ nomida ‘XimRar’ va Rossiyaning investitsiya fondi hamkorligida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi”, – deydi kompaniya mutasaddisi.

Qo‘shimcha qilinishicha, kompaniya ushbu dori vositasini dastlab O‘zbekiston ehtiyojlari uchun ishlab chiqaradi va keyinchalik mahsulotning xorijga eksportini ham yo‘lga qo‘yadi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan koronavirusni davolayotgan yagona dori nomini aytgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар