Saudiya Arabistoni 2020-yilgi Haj ziyoratida tarixda ilk bor mamlakat tashqarisidan kelganlarni qabul qilmaydi

Saudiya Arabistoni “Haj—2020” mavsumida hojilar orasida koronavirus tarqalishining oldini olish uchun amal qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar to‘plamini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Saudiya hukumati iyun oyida koronavirus pandemiaysi tufayli bu yilgi haj mavsumida qatnashuvchilar soni 1000 nafargacha qisqartirilishini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, bu mavsumda haj mahalliy musulmonlar bilan o‘tkazilib, xorijdan musulmonlar qabul qilinmaydi.

Chetdan hojilarni qabul qilmaslik zamonaviy tarixda ilk bor kuzatilyotgan holatdir.

Yangi qoidalarga ko‘ra, bu yilgi haj mavsumida islomdagi eng muqaddas joy hisoblangan Ka’batullohga teginish taqiqlanadi. Umumiy ibodatlar va Ka’bani tavof qilish paytida musulmonlar bir yarim metrlik ijtimoiy masofani saqlashi kerak.

Undan tashqari, haj ibodatidagi muqaddas joylar bo‘lgan Mino, Muzdalifa va Arofatga faqatgina tashkilotchilar va hojilar borishlari mumkin bo‘ladi. Ularning barchasi har doim yuz niqoblarini taqishi majburiydir.

Ma’lumot uchun, bu yilgi haj mavsumi 19-iyuldan 2-avgustgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 10 ga yaqin davlat Saudiya Arabistonidan keladigan xabarni kutib o‘tirmay, o‘z fuqarolari uchun bu yilgi “Haj—2020” safarini bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар