Jizzax shahrida ko‘chalar qayta nomlanadi

Jizzax shahar hokimligi tomonidan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror loyihasi muhokama uchun normativ huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylashtirildi. Bu haqda shahar hokimligi rasmiy axborot portali xabar berdi.

Loyihada shahardagi bir-birini takrorlovchi ko‘chalar nomini qayta nomlash, jumladan joylarning qadimiy nomlarini tiklash yuzasidan tushgan takliflar ko‘rib chiqilganligi ta’kidlanadi.

Qayd etilishicha, mazkur takliflar atroflicha muhokama qilinib, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi tomonidan ko‘chalarni qayta nomlash hamda shahardagi mavjud ko‘cha nomlarini tasdiqlash to‘g‘risida taqdim etilgan xulosalar ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Tegishli mutasaddi va davlat organlariga amaldagi tartibda nom berilgan va nomlari o‘zgartirilgan mahalla fuqarolar yig‘ini, aholi punktlari va ko‘chalarning tarkibiy qismlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bilan bog‘liq topshiriqlar berilgan.

Ushbu qaror loyihasi portalga 3-iyul kuni joylashtirilgan va 18-iyulgacha keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.

Янгиликлар