Jizzaxda bir guruh shaxslar tadbirkorga bug‘doy xarid qilishni taklif qilib, 50 mln so‘mga chuv tushirdi

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani ichki ishlar bo‘limiga 2-iyul kuni fuqaro E.D. murojaat qilib, 50 million so‘m pulini o‘g‘irlatib qo‘yganligini ma’lum qilgan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Paxtakor tumani Bog‘ishamol mahallasida yashovchi xususiy tadbirkor E.D.ga 1-iyul kuni o‘zini N. deb tanishtirgan shaxs telefon qilib, 40 tonna bug‘doy sotib olishni taklif qiladi.

Shu kuni soat 20:00 da E.D. uchrashuv joyi – Mirzacho‘l tumanining O‘zbekiston qishlog‘iga “Gentra”da yetib boradi. Tomonlar dala maydonida g‘allani ko‘rish uchun 500 metr ichkariga kirishadi. Shu paytda N. qochib ketadi.

E.D. mashinasi yoniga qaytib, “Gentra”ning old chap eshigi oynasi sindirilgani hamda avtomashina yukxonasidagi 50 million so‘mning o‘g‘irlanganligiga guvoh bo‘ladi.

Holat yuzasidan zudlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan va jinoyat Do‘stlik tumani Oltin vodiy qishlog‘ida yashovchi Sh.X., B.Y. va U.Y. hamda Mirzacho‘l tumanining Mirzadala shaharcha fuqarolar yig‘inida yashovchi D.Z. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Ayblanuvchilardan 6 million 930 ming so‘m pul hujjatlashtirib olingan. Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Янгиликлар