O‘zbekiston oliygohlarida to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha o‘zgarishlar yo‘qligi ma’lum qilindi

AOKAda karantin davrida qabul jarayonini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan  brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt miqdoridagi o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

“Kontrakt miqdorida hech qanday o‘zgarish yo‘q. Bu  mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘langan. Bu miqdor o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi. Hozirgi bazaviy kontrakt miqdori shartli ravishda qo‘yilgan. Bu ta’lim xarajatlarini qoplamaydi”, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.

Inomjon Majidovning ta’kidlashicha, o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan oliy ta’lim muassasalari aslida xarajatlarga muvofiq to‘lov-kontrakt miqdorlarini oshirishi kerak edi. Lekin ular ham shartnoma miqdorlarini o‘zgartirmaslikka qaror qilishgan.

Avvalroq O‘zbekiston OTMlarida ijodiy imtihonlar 1-avgustdan boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар