O‘zbekistonda koronavirusdan 47-o‘lim qayd etildi

Toshkentda koronavirusga chalingan 83 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Uchtepa tumanida yashovchi 83 yoshli ayol Sh.T.ni 25-iyundan tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, hansirash va nafas siqishi bezovta qilgan. 28-iyun kuni esa koronavirus aniqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Bemor tos suyagi bo‘yinchasi singanligi sababli 30-iyun kuni 1-son shahar klinik shifoxonasiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor bundan avval, ko‘p yillardan buyon gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib keladi. 2019-yildan beri esa yotoq holatda bo‘lgan (tizza va tos-son bo‘g‘imlari osteoartrozi, 2020-yil 16-iyun kuni esa yiqilib tushishi oqibatida tos suyagi bo‘yinchasi singan). Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni shifokorlar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Lekin shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Avvalroq Buxoroda koronavirusga chalingan Afg‘onistonlik erkak vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

 

 

Янгиликлар