Avstriya TIV mamlakatda chechenistonlik fuqaroning o‘ldirib ketilishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bayonot berdi

Avstriya Tashqi ishlar vazirligi Vena yaqinida o‘ldirilgan chechenistonlik fuqaro ishi tez va to‘liq tekshirilishini ma’lum qildi, deya xabar beradi RIA Novosti.

Foto: Associated Press

Qayd etilishicha, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyaga qarshi ish olib borayotgan xorijiy razvedka idoralari Avstriyada chechen bloggerini o‘ldirishda ishtirok etganini ta’kidlagan.

“Ichki ishlar vaziri aytganidek, bu jinoyat tez va to‘liq tekshirilishi kerak. Hozir tergov idoralari ushbu masala bilan shug‘ullanmoqda”, — deyiladi vazirlikning Checheniston rahbariga yo‘llagan bayonotida.

Avvalroq politsiya vakili Valter Shvarsnekker RIA Novosti’ga bergan intervyusida Rossiyadan boshpana izlayotgan shaxs 5-iyul, shanba kuni kechqurun Vena yaqinidagi Gerasdorf shahrida o‘ldirilganini aytgandi. Korneuburg (Quyi Avstriya) prokuraturasi vakili Fridrix Kox jabrlanuvchi Martin Bek ismli chechenistonlik Rossiya fuqarosi bo‘lganini ma’lum qilgan. Qotillikda gumon qilingan ikki nafar chechenistonlik fuqaro hibsga olingan.