Oliy Majlis Senati Uychi, Uchqo‘rg‘on, Kosonsoy va Namangan tumanida kambag‘allikni qisqartirmoqchi

Prezident raisligida 3-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda joylarda aholining muammolarni bartaraf etish, koronavirus davrida ehtiyojmand oilarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz aholi vakillarini ishga joylashtirish bo‘yicha sektorlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda muhokama etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berishicha, ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 9-iyun kuni Namangan viloyatining Uychi, Uchqo‘rg‘on, Kosonsoy va Namangan tumanlarida o‘rganish olib borildi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash, davlat budjeti ijrosini ta’minlash va daromadlar manbasini kengaytirish, davlat dasturlari hamda eksport prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Undan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishining oldini olish, jamoat tartibini saqlash va hududlarda karantin sharoiti talablariga to‘liq rioya etilishini ta’minlashga e’tibor qaratildi.

O‘rganish natijalari Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida muhokama qilinadi va tegishli qaror qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, shu kunga qadar Surxondaryo, Toshkent va Andijon viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan o‘rganish natijalari Senat kengashi majlisida muhokama qilingan.