O‘zbekistonda dam olish kunlari harorat biroz pasayadi

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 10—11-iyul kunlari O‘zbekiston hududida ob-havo sharoitlarining shakllanishiga o‘rta troposferadagi kuchsiz siklon harakati ta’sir ko‘rsatadi. Bunday holatda respublikaning markaziy va sharqiy tumanlari ustida bulutlar ko‘payadi.

Foto: “Uz24”

Respublika bo‘yicha ob-havo vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Sharqiy Qozog‘istondan kirayotgan biroz salqin havo oqimi O‘zbekistonda kunduzgi haroratning pasayishiga olib keldi. Juma va shanba kuni kunduzi havo harorati 32-35 darajani mamlakat shimoli, janubi va cho‘l zonasida 37-39 darajani tashkil qiladi. Tungi harorat 19-24 daraja atrofida saqlanib qoladi. Ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrga kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni O‘zbekistonning tekislik hududida ob-havo quruq va ochiq bo‘ladi, faqat respublikaning tog‘li tumanlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Nisbatan salqin havo oqimi ta’siri yakshanba kuni ham saqlanib turadi. Havo harorati kechasi 19-24 daraja atrofida, kunduzi 32-37 daraja bo‘ladi, mamlakatimiz janubi va cho‘l zonasida 39 darajagacha isiydi. Qayd etilishicha, bunday haroratlar kunning iqlimiy me’yorlariga yaqin.

Янгиликлар