Rossiyada 11 mingdan ortiq bemor vafot etgan, Turkmanistonda esa haligacha kasallanganlar yo‘q — Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida ma’lumotlar

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 2020-yil 10-iyul holatiga ko’ra, 9 358 kishida koronavirus infeksiyasi rasman qayd etilgan. Shulardan 3 134 nafari sog‘ayib, 122 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 6 102 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 7,47 foizga yoki 424 kishiga ko‘paygan.

Avvalroq Qirg‘iziston bosh vaziri barcha tibbiyot xodimlarini ta’tildan chaqirib olishni buyurgan edi.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 2020-yil 10-iyul holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 54 747 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 31 815 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 264 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 538 ta yangi holat qayd etilgan.

Tojikiston

Tojikistonda 2020-yil 10-iyul holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6 364 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5 011nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 54 nafari vafot etgan. Shuningdek, Tojikistonda ham tibbiy niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilayotgani ma’lum qilingan.

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Bugunga kelib, mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonda koronavirus so‘zini ishlatish taqiqlangan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa koronavirus bo‘yicha hukumat bergan ma’lumotlarga ishonishini bildirgan.

Rossiya

Rossiyada 2020-yil 10-iyul holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 713 936 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi bo‘lib turibdi. Bemorlarning 489 068 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 11 017 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 6 635 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар