Shifoxonalar quvvati koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emas — Maxsus komissiya karantin tartibi nega qaytadan kuchaytirilganiga izoh berdi

Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilganligiga izoh berdi.

Ma‘lum qilinishicha, bir qancha sabablar yuzasidan karantin tartiblari qaytadan kuchaytirilgan:

2020-yilning 10-iyuliga kelib, O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimi katta bosimga duch keldi. Mavjud sog‘liqni saqlash muassasalari quvvati yangi koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilish uchun yetarli emas.

Ayni vaziyatda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun koronavirus bilan zararlanganlar sonini qisqartirish hamda kasallanish zanjirini hech bo‘lmaganda bir oyga uzish va tizimni qayta tiklash hayotiy zaruriyatdir.

Qat’iy karantin choralarini qo‘llamaslik — koronavirusga chalinganlarni stasionar davolash uchun kasalxonalarda joy qolmasligi va ular bilan ishlash uchun shifokor va tibbiy xodimlarning yetishmasligiga olib keladi.

Boshqa kasalliklardan sodir bo‘ladigan ehtimoliy o‘lim holatlarini hisoblashning imkoni bo‘lmaydi, sababi barcha tibbiyot xodimlari va yotoq o‘rinlari koronavirus bemorlari bilan band bo‘ladi.

Koronavirus bilan kasallangan shifokorlar soni ko‘paymoqda. Ko‘pchilik karantinda bo‘lgani sababli xodimlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan psixologik bosim eng yuqori nuqtaga yetgan.

Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida tibbiyot muassasalarining faoliyatini yengillashtirish uchun bemorlarni uyda davolash va karantinni uyda o‘tkazish bo‘yicha bayonnoma qabul qilingan.

Shuningdek, karantin markaziga ko‘proq fuqarolarni qabul qilish va ularning karantinda bo‘lish muddatini kamaytirish imkonini beruvchi yangi qisqa muddatli karantinda saqlash protokoli qabul qilingani ma’lum qilindi.

Maxsus komisiya 20 kunlik tanaffus — sog‘liqni saqlash muassasalari, shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan bosimni yumshatish va avgust oyida mamlakat iqtisodiyotini tiklashda davom etish zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 10-iyuldan 1-avgustga qadar kuchaytirilgan karantin tartibiga qaytgan. Shuningdek, tomosha, madaniy-ko‘ngilochar, oilaviy to‘y hamda boshqa marosimlar, ommaviy tadbirlar o‘tkazish ham taqiqlangan, bolalar bog‘chalari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar faoliyati cheklangan.

Янгиликлар