Uychi tumanida bir kunda 2 ta YTH sodir bo‘ldi

Namangan viloyati Uychi tumanida 4-iyul kuni “VAZ-21063” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yubordi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Uychi tumani “Mustaqillik” mahallasi hududida fuqaro “VAZ-21063” rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yuborgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, jabrlanuvchi 9-iyul kuni shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat bo‘yicha tuman ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 9-iyul kuni soat 16:30 da Kosonsoy – Namangan yo‘lining 17 kilometrida fuqaro “Damas” rusumli avtomashinasida harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yuborgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay, bemor og‘ir tan jarohati bilan shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat bo‘yicha tuman ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq “Qamchiq” dovonida “ISUZU” jarga qulashi oqibatida 2 kishi voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар