1-iyuldan jismoniy va yuridik shaxslar uchun qator yangi tartiblar amal qilishni boshladi — Adliya vazirligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 10-iyul kuni Adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosi yuzasidan ma’lumot berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, farmon asosida 1-iyuldan bir qator yangi tartiblar amal qilishni boshlagan. Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar uchun huquqiy javobgarlikni belgilovchi normalar faqatgina qonunlar bilan o‘rnatiladi.

Ikkinchidan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni idoraviy hujjatlarga kiritish taqiqlandi.

Uchinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning “paket” prinsipi joriy qilindi. Ushbu prinsipning joriy etilishi natijasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda “huquqiy bo‘shliq”lar yuzaga kelishi kabi muammolar bartaraf etiladi.

To‘rtinchidan, farmonga asosan qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2021-yil 1-yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatildi.

Beshinchidan, farmon bilan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sinov tariqasida yagona elektron tizimi orqali amalga oshirish boshlandi. 1-oktabrdan esa bu tizim to‘liq ishlay boshlaydi.

Oltinchidan, 1-iyuldan boshlab texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi normativ hujjatlar, ya’ni texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari kabi hujjatlar Adliya vazirligida majburiy huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi boshlandi.

Shuningdek, hozirgi kunda amalda bo‘lgan texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi normativ hujjatlar esa joriy yil yakuniga qadar qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga to‘liq joylashtiriladi.

Янгиликлар