Dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 12,5 mlndan oshdi

Dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 11-iyul kuni 12,5 million kishidan oshdi. Jons Hopkins universiteti saytidagi so‘nggi yangilanishlar shundan dalolat beradi.

Foto: Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 12 500 553 kishi virus yuqtirgan. Bir kunda kasallanishlar soni 200,9 mingtani tashkil qilgan. Pandemiya boshlangandan buyon 560 271 bemor vafot etgan, 7,3 million kishi tuzalgan.

COVID-19 infeksiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat AQSh hisoblanadi. Mamlakatda 3,1 milliondan ortiq kasallanish holatlari aniqlangan. Braziliya 1,8 million holat bilan ikkinchi, Hindiston esa 820,9 ming bemor bilan uchinchi o‘rinda turibdi.

Infeksiya qurbonlarining aksariyati AQShda qayd etilgan. Mamlakatda 134 097 kishi vafot etgan. Har 100 ming kishiga o‘lim darajasi eng yuqori ko‘rsatkich Yevropa mamlakatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda 11-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni 12 206 kishiga yetgan. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 7 530 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Hozirda 4 621 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 43 nafari og‘ir, 10 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Avvalroq Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 800 mingga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.