Misrda o‘zbekistonlik olimning oila huquqi haqidagi kitobi arab tilida nashr etildi

Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mirodil Haydarovning arab tilidagi “Shariat va O‘zbekiston kodeksida Oila huquqi: hanafiylik mazhabi asosida nikoh va taloq masalalari” nomli kitobining onlayn taqdimoti tashkil etildi.

Foto: islaminstitut.uz

Ma’lum qilinishicha, Misr Arab Respublikasining “Al-Maktabat Al-Azhariyya lit-turos” nashriyotida Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mirodil Haydarovning arab tilidagi “Shariat va O‘zbekiston kodeksida Oila huquqi: hanafiylik mazhabi asosida nikoh va taloq masalalari” nomli kitobi chop etildi.

Foto: islaminstitut.uz

ZOOM dasturi orqali o‘tkazilgan tadbira 80 dan ortiq tadqiqotchilar, ustozlar, talabalar va qiziquvchilar ishtirok etdi. Misr Arab Respublikasining “Maktabat Al-Azhariyya lit-turos” nashriyotida arab tilida chop etilgan ushbu kitob mutaxassislar tomonidan qiziqishga sabab bo‘ldi. Jumladan, Shayx Muhammad Tavfiq Ramazon al-Butiy, Damashq universiteti professori doktor Badi’ Sayyid al-Lahham, Shayx Ismoil Bulbul hamda O‘zbekistondagi islomshunos olimlar e’tirofiga loyiq deb topildi, deyiladi xabarda.

Mazkur kitob asosiy 3 bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda O‘zbekistonda oila huquqi institutining tarixiy rivojlanish bosqichlari yoritib o‘tilgan. Xususan, o‘rta asrlardan to XX asrning birinchi choragi davrigacha oila munosabatlari shar’iy qoidalar asosida boshqarilgani, keyinchalik Sovet mustamlakasi davrida diniy urf-odatlardan tashqari, oila munosabatlari, asosan, sovet hukumati tomonidan qabul qilingan qonunlar asosida belgilangani haqida ilmiy ma’lumotlarni keltirib o‘tilgan.

Ikkinchi bo‘limda shariat va qonunda nikoh tushunchasi, nikoh tuzishning shartlari, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi, er-xotinning o‘zaro huquq va majburiyatlari kabi mavzular qiyosiy tahlil qilib o‘tilgan.

Uchinchi bo‘limda shariat va qonunda taloq (nikohning tugatilishi) tushunchasi, nikohdan ajratish tartibi, nikoh tugatilganidan keyin kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar kabi mavzular qiyosiy tahlil qilib o‘tilgan.

Янгиликлар