Sog‘liqni saqlash vazirligi “O‘rtasaroy” karantin majmuasida saqlanayotgan shaxslarning oziq-ovqatsiz qolayotganini rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda “O‘rtasaroy” karantin majmuasida saqlanayotgan odamlar 17 kundan beri ushlab turilgani, belgilangan muddat yakuniga yetgan bo‘lsa-da ruxsat berilmagani va oziq-ovqatsiz qolishayotgani aytiladi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov ushbu vaziyat bo‘yicha izoh berdi.

Ulug‘bek Sobirov ”O‘rtasaroy” O‘zbekistondagi eng yaxshi karantin hududlaridan biri ekanligini, bu yerda saqlanayotganlarga oziq-ovqatlar to‘liq va o‘z vaqtida berilayotganini ta’kidlagan.

“Kasallik tarqab ketmasligi uchun epidemiologik nuqtayi nazardan nima kerak bo‘lsa, hammasini qilyapmiz. Bitta xonada to‘rttadan odam saqlanayotgan bo‘lsa, ularning orasidan kimdadir kasallik chiqqan taqdirda u zudlik bilan boshqa joyga o‘tkazilmoqda. Tabiiyki, shu xonada yashagan qolgan uch kishining karantin muddati sal cho‘ziladi. Ulargayam kasallik yuqqan-yuqmaganiga ishonch hosil qilish uchun shunga majbur bo‘lyapmiz. Ammo fuqarolarimiz shunga chiday olmayapti. Ularga karantin muddati cho‘zilayotgani yoqmayapti. Ayrimlar nega bizni boshqalardan ko‘proq ushlab turibsizlar, deb to‘polon qilishyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga mana shu narsa sabab bo‘lgan”, – deydi vazir o‘rinbosari.

Sobirovga ko‘ra, karantinda saqlanayotganlarning videoda aytilganidek, ikki kundan beri och qolishgani, ovqat berilmayotgani yolg‘on. Bu yerda sharoitlar yaxshi, har bitta xonada konditsioner, televizor, yuvinish xonalari, ya’ni uydagi hamma sharoitlar bor.

Янгиликлар