Surxondaryoda chaqalog‘ini 10 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida farzandini 10 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi 28 yoshli F.N. qiz farzandini Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi 35 yoshli Y.T.ga qonuniy ravishda farzandlikka berishga rozi bo‘lib, tug‘ruq davomida ketgan dori-darmon va boshqa sarf-xarajatlariga deb, 1 700 000 so‘m pul olgan. Ammo Y.T.ga farzandlikka berish uchun barcha hujjatlarni to‘plab, sud zaliga borganda F.N. fikridan qaytib, farzandini bermasligini bildirgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, F.N. telefon orqali va bir necha marotaba Y.T.ning uyiga kelib, qiz chaqalog‘ini sotish uchun Y.T.dan 10 000 000 so‘m miqdordagi pul mablag‘ini talab qilgan. Shunda Y.T. IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur ariza asosida IIB xodimlari tomonidan 2020-yilning 3-iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumani Oqsoy mahallasi hududida joylashgan “Yoshlar xiyoboni” hovlisida o‘tkazilgan tezkor tadbirda F.N. qiz chaqalog‘i uchun  Y.T.dan talab qilgan 10 000 000 so‘m miqdorida pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Tergov departamenti

Holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Gulistonda bir oylik chaqaloqni 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayollar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар