Buxoroda har haftaning seshanbasi yoshlarni ish bilan ta’minlash kuni etib belgilandi

Buxoro viloyatida har haftaning seshanbasi yoshlarni ish bilan ta’minlash kuni etib belgilandi. Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov viloyat yoshlariga yo‘llagan murojaatida aytib o‘tgan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu o‘quv yilida viloyatdagi 533 ta umumta’lim maktabini bitirgan salkam 26 ming nafar o‘quvchining 58 foizi, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tugatgan 15 790 nafar o‘g‘il-qizning 46 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan.

“Qolganlar-chi, degan savol tug‘iladi. Tabiiyki, ularni ish bilan ta’minlash darkor. Masalan, hozirning o‘zida viloyatda 11 ming nafardan ziyod ishsiz yoshlar bor. Bu og‘riqli masalani hal etish yo‘llari yo‘q emas. Chunonchi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi qoshida navqiron avlod vakillarining bandligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi markaz ish boshlamoqda. Markaz uch yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Bu bitiruvchilarning ayni damdagi ishsiz yoshlar hamda pandemiya tufayli xorijdan uyiga qaytgan va bekor qolgan yoshlarning bandligini ta’minlash yo‘nalishlaridir”, — deydi Karim Kamolov.

Ta’kidlanishicha, yaqinda 80 dan ortiq qurilish tashkilotlari rahbarlarining ishsiz yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti natijasida 100 nafar yigit ishli bo‘lgan.

Avvalroq Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida qiymati 140 million dollardan ortiq bo‘lgan 40 ta loyiha amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар