O‘zbekistonda maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning OTMga kirishi va kasb egallashiga qarab maosh belgilanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanishi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, videoselektorda maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Endilikda 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi kasblar uchun bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, shu yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlarini jihozlash bo‘yicha topshiriq berilgan. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga 200 milliard so‘m ajratish, o‘quv kurslarini, avvalo, kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mahallalarda tashkil etish kerakligi ta’kidlangan.

Янгиликлар