O‘zbekistonda yetti oy davomida 150 ga yaqin oltin o‘g‘rilari qo‘lga olindi

O‘zbekistonda 1-yanvardan 10-iyunga qadar bo‘lgan davr mobaynida noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq 65 ta holat aniqlandi. 4 ta jinoyat ishi va 43 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 25 ta, Tomdi tumanida 11 ta, Nurota tumanida 5 ta, Uchquduq tumanida 4 ta, Navbahor tumanida 2 ta, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 7 ta hamda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida 11 ta holat kuzatildi. 145 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan 4 ta jinoyat ishi va 43 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida tarkibida “999” probali, taxminiy qiymati 1 milliard so‘mlik 2 kilogramm 102 gramm oltin bo‘lgan 98,5 tonna ruda musodara qilindi. Jinoyat quroli sifatida 2 ta “Kamaz” yuk mashinasi, 6 ta “Niva” avtomobili, 3 ta “Ford” va “Gazel” mikroavtobuslari olib qo‘yildi.

Shuningdek, 2020-yilning dastlabki 5 oyi mobaynida DXX xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlari hamda Ohangaron tumani hududlarida 26 ta ana shunday holat fosh etildi. 51 nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan 5 ta jinoyat ishi va 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Farg‘onada tovlamachilik yo‘li bilan 6 million so‘mni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар