Shavkat Mirziyoyev aholi uchun koronavirusga test topshirishning qulay tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Prezident ushbu videoselektorda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va yengil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qo‘llashni talab qilmoqda. Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqsin.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud ekanini aytib o‘tgandi.