“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlandi

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo” hukumatdagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: Xalqaro press-klub

Akmal Burhonov 1981-yili Namangan shahrida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent davlat yuridik instituti bakalavriatini, 2003-yili shu institutning magistraturasini tamomlagan. 2007-yilda Yaponiyadagi Nagoya davlat universitetini tugatib, ushbu universitet doktoranti ilmiy unvonini olgan.

Burhonov 2014-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan. 2017—2019-yillarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 2019-yildan beri “Yuksalish” umummilliy harakati raisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Prezident farmoni bilan 2020-yil 29-iyun kuni tashkil etilgan. Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishdan iborat.

Янгиликлар