Bosh prokuratura koronavirus xarajatlari uchun qo‘ydirilgan “imzolar” haqidagi xabarni tekshirishni boshladi

“Troll.uz” blogida ko‘plab insonlardan COVID-19 infeksiyasidan davolanish uchun muolaja olmagan bo‘lsa ham, ulardan 30–35 million so‘mga xizmat ko‘rsatilgani to‘g‘risidagi hujjatlarga imzo qo‘ydirib olingani haqida chiqqan xabari yuzasidan Bosh prokuratura tekshiruv ishlarini boshladi.

Blogda keltirilgan ma’lumotlarni Bosh prokuraturaning ijtimoiy sohalardagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan nazorat boshqarmasi o‘rganmoqda. Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, pandemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda blogda yoritilgani kabi qonunbuzarliklar kuzatilmagan.

“Troll.uz” ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘pgina xabarlarga qaraganda, odamlardan katta mablag‘ evaziga xizmat ko‘rsatilgani haqidagi hujjatlarga imzo qo‘yishlari so‘ralganini ta’kidladi. Blog muallifi Umid Gafurovga bu haqda 50 nafar bir-birini tanimaydigan fuqarolardan xabar kelgan. U, shuningdek, “Dalillarni topishning iloji yo‘q, chunki telefonlarni olib qo‘yishgan”, deb aytib o‘tgan.

“Mening qarindoshim virusdan shubhalangan edi. Test salbiy chiqdi. Ammo undan 35 million so‘mlik xizmatga imzo qo‘yishni so‘rashdi. U ayolda bunday pul yo‘qligini aytsa, buni davlat to‘laydi deyishibdi”, — deyiladi bir xabarda.

Boshqa xabar egasi esa barcha dori-darmonlarni o‘zlari sotib olgan va bemor virusdan vafot etmagan bo‘lsa ham, ulardan 25 million so‘mlik xarajatlar ko‘rsatilgan qog‘ozlarni imzolashni so‘ralganini yozadi. “O‘lib qolganlaridan keyin esa jasadni berish uchun endi 60 million so‘mli hujjatlarni imzolashni so‘rashdi. Janjaldan keyin jasadni berishibdi. Qo‘l qo‘yib”, — deyiladi xabarda.

Yana boshqa fuqaro blog muallifiga “Tanish bir marhumning oilasiga 1500 dollar taklif qilishdi, u virusdan o‘lgan, deb yozishlari uchun. Shundan so‘ng oila karantinga o‘tkazilgan. Karantindan keyin aytilgan puli to‘langan”, — deb yozgan.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidan esa quyidagicha xabar kelgan: “To‘raqo‘rg‘onimizda bunday voqealar juda ko‘p. Har kimdan o‘n millionlab davolash hujjatlariga imzo qo‘yish so‘ralgan. Shuning uchun bizning odamlar davlat faqat soqqa qilyapti ekan deb, karantinni yengil qabul qila boshladilar”.

23-aprel kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov har bir bemor uchun 32 milliondan 64 million so‘mgacha mablag‘ sarflanayotganini ma’lum qilgandi.

Янгиликлар