Bosh prokuror: “Toshkentdagi 1 700 dan ortiq dorixona rahbarlari ogohlantirildi”

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev 15-iyul kuni Prezidentning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorida davlat rahbari tomonidan berilgan muhim topshiriqlarni sanab o‘tdi.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus uchun topshirilgan test namunalari tahlillarini uzog‘i bilan ertasi kuniga chiqarib berish choralari ko‘riladi. Ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi 1700 dan ortiq dorixona rahbarlari bu bo‘yicha rasman ogohlantirilgan.

“Tez tibbiy yordam xizmati borasida tegishli malakali tibbiyot xodimlari, tibbiy texnika vositalari va transport vositalarini yanada ko‘paytirish, aholiga qulay tez yordam ko‘rsatish vazifasi oldimizga qo‘yildi. Bundan buyon 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda zudlik bilan tez tibbiy yordam avtomashinalari tegishli xodimlar bilan yetib borishi to‘liq ta’minlanadi”, — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan profilaktika qilish uchun 5 turdagi va kasallikni davolashga mo‘ljallangan 9 turdagi majburiy tartibdagi dori vositalarini kamida 1 oy yoki 2—3 oylik zaxirasi to‘liq ta’minlanadi.

Avvalroq Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan bergani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар