Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev sudga berildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida paxta yetishtirish klasteri bilan shug‘ullanuvchi “Sulton Tex Group” xususiy korxonasi bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar ustidan Qibray tuman ma’muriy sudiga shikoyat arizasi kiritdi. Bu haqda “Kun.uz» xabar berdi.

Arizada bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlarning Vazirlar Mahkamasida 2020-yil 8-aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishda “Sulton Tex Group” xususiy korxonasining qonuniy manfaatlarini buzadigan asossiz ma’lumot taqdim etganidan shikoyat qilingan.

Unga ko‘ra, yig‘ilishda korxonaga biriktirilgan paxta tozalash zavodining bino va inshootlarini qaytarish, uning paxta to‘qimachilik klasteri faoliyatini to‘xtatish va o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi qonunga xilof deb topish so‘ralgan.

Dastlabki sud majlisi 2020-yilning 9-iyul kuni Qibray tuman ma’muriy sudida bo‘lib o‘tgan. Sud majlisi javobgarlarning hech biri sudda ishtirok etmagani sababli 2020-yilning 16-iyul kuni soat 11:00 ga qoldirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, aprel oyida “Sulton Tex Group” xususiy korxonasining Qarshi tumanida paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri faoliyatini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijara shartnomasi asosida biriktirilgan 15 ming gektar ekin maydoni bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev imzolagan yig‘ilish bayoniga asosan hokimlik zaxirasiga qaytarib olingandi.

Keyinchalik Qarshi tuman ma’muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga “Sulton Tex Group” xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020-yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘ygandi.

Hozirda sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qarshi tuman prokurori tomonidan protest kiritilgani va ish Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudi appelyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.

Янгиликлар