Orol dengizining qurigan tubiga yana 1,2 mln gektar o‘rmon barpo etildi

Orol dengizining qurigan tubiga birgina shu yilning qish-bahor mavsumida 1,2 million gektar o‘rmon barpo etildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

14-iyul kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer boshchiligida videokonferensiya rejimida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘ptomonlama sheriklik asosida trast jamg‘armasi Boshqaruv kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Orol dengizining qurigan qismida himoya o‘rmonzorlarini yaratish uchun 100 milliard so‘m ajratilgani aytib o‘tildi. U yerga ekilgan cho‘l o‘simliklari bo‘lmish saksovul va yulg‘un dengizning qurigan tubida hosil bo‘lgan tuz va ko‘payib borayotgan qum qatlamini ushlab turadi.

Uchrashuv davomida jamg‘armaning 12,4 million dollarlik yangi loyihalari — Mo‘ynoq tumanida ko‘ptarmoqli kasalxona qurilishi va qator innovatsiyalar joriy qilish tasdiqlandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2018-yilning 15—16-noyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Buning natijasida 2018-yil 27-noyabr kuni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast jamg‘armasi faoliyatini boshladi.

Shu kungacha Orol dengizining qurigan tubiga saksovul ekish uchun jami 416 249 gektar yer maydoni tayyorlanib, shundan 153 ming gektarga yaqin maydonga 582 415 kilogramm saksovul urug‘i ekildi.

Янгиликлар