O‘zbekiston Varshava—Toshkent—Riga charter reysi orqali 220 nafar fuqarosini mamlakatga qaytardi

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini vatanga olib kelish uchun Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq, 220 nafar o‘zbekistonlik Latviyaning “SmartLynx Airlines” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Varshava—Toshkent—Riga reysi orqali O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Ushbu charter reys O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Tashqi ishlar va Transport vazirliklari bilan birgalikda pandemiya paytida vatanga qaytish istagidagi O‘zbekiston fuqarolariga yordam berish maqsadida amalga oshirildi.

Bortda Polshada koronavirus sababli belgilangan qator tartiblar tufayli qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolari, talabalar, tadbirkorlar va muhojirlar bo‘lgan.

Bundan tashqari, mazkur reys bilan Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Avstriyada tahsil olayotgan 17 nafar o‘zbekistonlik talaba ham mamlakatga qaytarildi.

Avvalroq 576 nafar xorijdagi O‘zbekiston fuqarosi yurtga qaytarilgani hamda Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklarni poyezdda olib kelish boshlangani haqda xabar berilgan edi.

 

Янгиликлар