Reper Kanye Uest AQSh prezidentligiga nomzodlikka ariza topshirdi

Reper Kanye Uest AQSh Federal saylov komissiyasining (Federal Election Comission, FEC) prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan 1-shakni to‘ldirdi.

Reperning so‘rovi 15-iyul kuni ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. U kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Uest BDY partiyasining “Kanye 2020” qo‘mitasi nomzodi bo‘ladi.

Forbes’ga bergan intervyusida u mavjud bo‘lgan biror partiyadan nomzod bo‘lmasligini, balki o‘zining partiyasini tuzishini aytgan. Uestning so‘zlariga ko‘ra, partiya The Birthday Party (so‘z o‘yini; o‘zbek tiliga “Tug‘ilgan kun bazmi” deb ham, “Tug‘ilgan kun partiyasi” deb ham tarjima qilsa bo‘ladi – tahr.) deb ataladi. Undan nega bunday nom tanlagani so‘ralganda reper “Chunki g‘alaba qozonganimizda xuddi hammaning tug‘ilgan kunidek bo‘ladi”, — deb javob berdi.

14-iyul, seshanba kuni New York Magazine nomzodlarga ovoz berishda ko‘maklashadigan kompaniya rahbariga tayanib, Uest saylovlarda qatnashishdan bosh tortganini yozgan edi.

Nashrdan bir necha kun avval TMZ nashri Uestning oilasiga yaqin manbalarga tayanib, reperning prezidentlik “poyga”laridan chiqqaniga uning maniakal-depressiv psixoz siklini (gʻamgin (depressiya) yoki koʻtarinki (maniya) ruhiy holatlar xuruj qilishi (fazalari) bilan kechadi; Uest o‘ziga qo‘yilgan ushbu tashxis haqida 2018-yilda e’lon qilgan) boshdan kechirayotganini sabab qilib keltirgan. Savloylarda nomzodini qo‘yish qarori maniya sikl ta’sirida paydo bo‘lgan. Ammo bu ma’lumotni na Uest, na uning oilasi tasdiqlagan.

Prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘yish qarorini Uest dastlab 5-iyul kuni e’lon qilgan. AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Demokratik partiyadan nomzod sifatida allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan Jo Baydenga berishi kutilayotgan qora tanlilarning ovozini olib qo‘yish Uest uchun qiyin bo‘lmasligini ta’kidlagan. SpaceX asoschisi va Tesla rahbari Ilon Mask reperning tvitiga javoban uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yozgan.

Янгиликлар