Rossiyada koronavirusdan vafot etganlar soni 12 mingga yaqinlashdi, Qozog‘istonda bir kunda 1600 dan ortiq yangi holat qayd etilgan

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 16-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 65 188 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 39 066 nafari to‘liq sog‘aygan, 375 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1674 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston mamlakat hududida noma’lum pnevmoniya tarqalgani sabab JSST bilan aloqada bo‘lib turgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 16-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko‘ra, 12 498 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 3735 nafari sog‘ayib, 167 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 8596 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 5,38 foizga yoki 439 kishiga ko‘paygan.

Avvalroq Qirg‘iziston bosh vaziri barcha tibbiyot xodimlarini ta’tildan chaqirib olishni buyurgani xabar qilingandi.

Foto: “Sputnik”

Tojikiston

Tojikistonda 16-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6695 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5383 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 56 nafari vafot etgan.

Avvalroq O‘zbekiston—Tojikiston chegarasida haydovchilarning koronavirusga tekshirilishi sabab yuzlab yuk mashinalari turib qolgani ma’lum qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi janubi-sharq, shimoli-sharq va shimoldan kirib kelgan chang miqdori mamlakatda oshib ketgani sabab aholini tibbiy niqob taqib yurishga chaqirgani haqda xabar berilgandi.

Vazirlikning  ma’lum qilinishicha, havoda chang bilan birga kasallik tarqatuvchi moddalar ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, vazirlik 1 metr oraliq masofa saqlashga hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni so‘ragan.

Foto: “RBK”

Rossiya

Rossiyada 16-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 752 797 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 531 692 nafari sog‘aygan, 11 937 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 6428 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар