Toshkentda 55 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. O‘zbekistonda kasallik qurbonlari soni 73 taga yetdi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 55 yoshli Sh.A. (erkak) 12-iyul kuni 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidan og‘ir ahvolda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tumani ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.

O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Bemorning ahvoli o‘ta og‘irligi sababli bemor zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan hamda sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Ta’kidlanishicha, shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, 16-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14787 nafarni tashkil etgan.

Shundan 8655 nafar fuqarolar (59 foiz) sog‘aygan, 6060 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.