Xitoyda 6,4 milliondan ziyod aholi suv toshqinlaridan jabr ko‘rdi

Xitoyning janubi-sharqidagi Tszansi provinsiyasida kuchli yog‘ingarchilik tufayli 6,42 milliondan ortiq odam toshqindan aziyat chekdi.

Xabar qilinishicha, bir necha kun oldin boshlangan yomg‘ir 6-iyul kuni deyarli 584 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekinlarini yo‘q qilgan va viloyatning 654 ming aholisini evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, toshqindan tushgan zarar miqdori taxminan 1,7 milliard dollarga baholanmoqda. Yakshanba kuni Xitoyning toshqinlarni nazorat qilish va qurg‘oqchilikni boshqarish shtab-kvartirasi mamlakatning katta qismida suv toshqini tufayli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish darajasini III dan II gacha oshirdi.

Xitoyda to‘rtinchi darajali favqulodda toshqinlarga javob qaytarish tizimi mavjud, eng yuqori daraja esa I darajadir. So‘nggi haftalarda Xitoyning o‘nlab daryolarida doimiy yomg‘ir yog‘ishi sababli suv sathi keskin ko‘tarilgani kuzatildi.

Sinxua yangiliklar agentligining xabar berishicha, 4-iyuldan beri mamlakat bo‘ylab 212 ta daryoda suv darajasi yuqori darajadan oshib ketgan. 19 ta daryoda suv sathi tarixiy rekordlarni yangilagan. Mamlakatning uchinchi yirik chuchuk suvli ko‘li bo‘lgan Tayxu ko‘lidagi suv darajasi ketma-ket 15 kundan beri xavfli darajadan yuqori bo‘lib turibdi.

Xitoy raisi Si Szinpin odamlarni qutqarish va mulklarining xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurdi.

Янгиликлар