Andijonda xalq ta’limi bo‘limi mudirining xodimlarni haqorat qilgan audioyozuvi tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha izoh berdi

Andijon viloyat prokuraturasi 2020-yilning 12-iyun sanasida tarqatilgan, shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sunbula Eraliyevaga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv bo‘yicha izoh berdi.

Aniqlanishicha, Sunbula Eraliyeva Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi va uning tasarrufidagi muassasalarda turli lavozimlarda uzoq yillardan buyon ishlab kelganligi, ushbu davr mobaynida ta’lim tizimi xodimlari orasida pedagog-o‘qituvchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlarni bir necha marotaba sodir qilgani, shahar prokuraturasiga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganida uning harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llangan murojaatlar ham ortib borayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Bilidirilishicha, 2020-yil 12-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sunbula Eraliyevaga tegishli bo‘lgan audioyozuv tarqalib, unda 2020-yil 8-iyundagi Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining bo‘lim boshliqlari, o‘rinbosarlari, mutaxassislari, metodistlar, hisobchilar, xo‘jalik mudiri — jami 29 nafar xodim ishtirok etgan yig‘ilish jarayoni yozib olingan.

Shahar prokuraturasi tomonidan holatni o‘rganishda jami 29 nafar xodim qatnashgan yig‘ilish jarayonida maktab direktorlari ishtirok etmaganligi, Sunbula Eraliyeva yig‘ilish ishtirokchilarini haqorat qilmaganligi, avvalroq  ishdagi kamchilik va xatolar yuzasidan umumiy tanbeh ma’nosida ta’kidlab o‘tilganligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, 2020-yil 15-iyulda fuqaro M.Otaxo‘jayeva shahar prokurori nomiga murojaat yo‘llab, unda ushbu tizimda uzoq yillar davomida mehnat qilganligini, hozirda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat olib borayotganligini, 13-iyul kuni shahar xalq ta’limi bo‘limiga nabirasining ishi bilan borgan vaqtida S.Eraliyeva uni ko‘rib qolib, haqorat qilganligini, uning gaplarini uyali aloqa vositasiga yozib olganligini ma’lum qilgan va shuning uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, murojaatga ilova tariqasida mazkur audio yozuvni taqdim qilgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar nazoratga olingan holda tegishliligi bo‘yicha huquqiy baho berishlik uchun Andijon shahar IIO FMBga yuborilgan.

Avvalroq Farg‘onada mahalla raisini haqorat qilganligi uchun qamalgan deputat haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар