IIB boshlig‘i o‘rinbosari Farg‘ona tumaniga hokim bo‘ldi
Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farg‘ona tumaniga hokim etib tayinlandi.
Ma’lum qilinishicha, Xalq deputatlari Farg‘ona tuman kengashining navbatdagi sessiyasida Shuhratjon Azimjonovich Mo‘minov tumanning yangi hokimi etib tayinlangan.
Podpolkovnik Shuhratjon Mo‘minov muqaddam Rishton tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2018-yil iyunidan buyon Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, 8-iyul kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda 2018-yilning oktabridan buyon Farg‘ona tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Ilhomjon Nosirov lavozimidan ozod etilgandi.
Avvalroq Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari va Chust tumaniga yangi hokim tayinlangani xabar qilingandi.