O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘li qurilishi loyihasi 3 davlat vakillari tomonidan muhokama qilindi

O‘zbekiston transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chipin ishtirokida 15-iyul kuni videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Qayd  etilishicha, uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘l qurilishi loyihasi yuzasidan taqdim etilgan qurilish marshrutlarini va temiryo‘l kengligi masalalarini muhokama qilgan. Onlayn muloqotda Elyor Gʻaniyev pandemiya sharoitida davlat chegaralari orqali temiryo‘l transportida yuklarni tashish dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidlagan.

Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov temiryo‘l qurilishi yuzasidan taqdim etilgan uchta marshrut bo‘yicha SWOT-tahlillari o‘tkazilganini ta’kidlab, yuk oqimini shakllantirish, tashuvlar samaradorligi hamda temiryo‘l liniyasi o‘tuvchi Qirg‘iziston mintaqalarining kelajakdagi rivojlanishi nuqtayi nazaridan eng maqbul yo‘nalish Torug‘art—Arpa—Qo‘sh-Dobo—Maqmal—Jalol-Obod ekanligini aytib o‘tgan.

Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chipin moliyaviy nuqtai nazardan Qirg‘iziston tomoni taklif etayotgan yo‘nalish bo‘ylab qurilishning amalga oshirilishi yaxshi variant ekanligini, biroq temiryo‘l kengligi va yo‘nalish marshruti bo‘yicha ekspertlar yagona to‘xtamga kelmagani bois boshqa takliflarni ham ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagan.

Uchrashuv yakunida ushbu jihatlarni inobatga olgan holda tomonlar temiryo‘l qurilishi bo‘yicha eng maqbul yo‘nalish marshrutini tanlash, shu bilan birga moliyaviy-iqtisodiy masalalarni ko‘rib chiqish, kelajakda temir yo‘lni ekspluatatsiya qilish yuzasidan loyihaning investitsiya modelini va qurilishning texnik-iqtisodiy jihatlarini o‘rganish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib olgan.

Avvalroq Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklarni poyezdda olib kelish boshlangani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil noyabr oyida Rossiya Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi uchun 3 million dollar ajratgani ma’lum qilingan.