O‘zbekistonda 2020—2030-yillarda gender tenglikka erishish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi 16-iyul kuni videokonferensaloqa tarzida hisobot yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Oliy Majlisning Senati axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy Majlisning Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati raisi, Respublika Gender komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva olib borgan yig‘ilishda senatorlar, komissiya a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Respublika Gender komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva olib borgan yig‘ilishda Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazining 2020-yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan ishlari diqqat markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, 2020-yilning yanvar—iyun oylari davomida komissiya tomonidan gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida bir qator ishlar olib borilgan. Jumladan, qonun hujjatlari xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishiga oid standartlarga mosligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilindi.

O‘zbekistonda qabul qilinishi ko‘zda tutilgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasining gender huquqiy ekspertizasidan o‘tkazilishi bo‘yicha nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari tashkil etildi. Ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Foto: Oliy Majlisning Senati axborot xizmati

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish murojaatiga javoban koronavirus pandemiyasi davrida komissiya va “NNTlar birlashmasi” bilan hamkorlikda ishonch telefoni, Telegram messenjerida “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” kanalining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?” nomli videoroliklar tanlovi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.

Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan xizmat turlarini aks ettiruvchi standart operatsion choralarni ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ekspert ishchi guruhi tomonidan tuzilgan ish rejasi asosida ishlab chiqilgan hujjat taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Янгиликлар