O‘zbekistonda Rossiyaga josuslikda ayblangan sobiq harbiy va uning xotiniga sud hukmi o‘qildi

O‘zbekiston Harbiy sudida 15-iyul kuni davlatga xoinlikda ayblangan A.Yarbabayev va Y.Yarbabayevaga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, bir necha oy davom etgan yopiq sud majlisida guvohlar va sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglanib, tahlil qilingan. Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning keltirgan vajlari tekshirilgan. Sud yakuniga ko‘ra, sudlanuvchi A.Yarbabayev va Y.Yarbabayeva yuqoridagi jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Jinoyatning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchilarning shaxsi va oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda A.Yarbabayev 11 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, sud Y.Yarbabayevaga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ammo uning tergov va sudda jinoyatlarni fosh etishga faol yordam berganligi va ishdagi boshqa javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarni e’tiborga olib, sud aybdor tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat’iy fikrga kelgan va 3 yil sinov muddati bilan shartli ravishda jazodan ozod etilgan.

“Repost”ning yozishicha, aybdorlar turmush o‘rtoq bo‘lib, A.Yarbabayev avvalroq O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bosh shtabi bo‘limini boshqargan. OAV xabarlariga ko‘ra, ular Rossiya foydasiga josuslik qilishda ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan o‘zbekistonlik siyosatshunos Rafik Sayfulin 25-may kuni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Sayfulin davlat sirlari va tahliliy materiallarni Rossiya tomoniga yetkazganlikda ayblangan.

Янгиликлар