O‘zbekistonda xususiy klinikalarning koronavirusga test olishi va bemorlarni davolashiga ruxsat berildi

O‘zbekistondagi xususiy va nodavlat tibbiyot muassasalariga koronavirus bemorlarini davolashga ruxsat berildi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi “Koronavirus Info” Telegram kanali.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va ushbu davrda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uzluksizligini ta’minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tashkil etish borasida birinchi galdagi vazifalar muhokama qilingan.

Ta‘kidlanishicha, barcha xususiy klinikalarga koronavirusni aniqlash uchun PSR-testlar o‘tkazish va koronavirusga chalingan bemorlarni davolash huquqi taqdim etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va hokimliklarga xususiy va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqorida ko‘rsatilgan masalalarda faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yordam ko‘rsatish topshirig‘i berilgan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda og‘ir pnevmoniya va boshqa o‘pka kasalliklari asoratlari boshlangan koronavirus bemorlarini davolashda qo‘llaniladigan import qilinadigan kislorod konsentratlarini bojxona bojidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni o‘tkazgan videoselektrida dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qilgan. Shuningdek, koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun sogʻliqni saqlash vaziri va Toshkent shahar hokimiga hayfsan bergan.

Avvalroq Bosh prokuror Toshkentdagi 1700 dan ortiq dorixona rahbarlarini ogohlantirgani haqida xabar qilingandi.

Янгиликлар