O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlarning qachongacha bekor qilingani ma’lum qilindi

“Uzbekistan Airways” AJ 2020-yil 13-iyuldan 1-avgustgacha barcha ichki qatnovlarning bekor qilinishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu majburiy choralar aholi orasida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin cheklovlari va jamoat transportida harakatlanishni taqiqlash natijasida ko‘rilgan.

Aviakompaniya yo‘lovchilardan vaziyatni to’g’ri tushunishini so‘rab, bekor qilingan qatnovlarga olingan chiptalarni qatnovlar tiklanganidan keyingi istalgan sanaga qayta bronlash imkoniyati haqida xabardor qilgan.

Avvalroq 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, xorijdagi fuqarolarni olib kelish uchun 13—19-iyul kunlari rejalashtirilgan charter reyslar ro‘yxati e’lon qilingan. Xususan, Varshava—Toshkent—Riga charter reysi orqali 220 nafar fuqaro mamlakatga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda 18—19 hamda 25—26-iyul kunlarida avtotransport vositalarining harakati cheklangan.