Prezidentdan hayfsan olgan Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bordi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 16-iyul kuni Ibn Sino nomidagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasida bo‘lib, undagi sharoitlar bilan tanishdi hamda COVID-19 bilan kasallangan fuqarolarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kadr: Telegram

Qayd etilishicha, shahar hokimi muloqot davomida kasalxonada davolanayotganlarning tezda shifo topishi uchun barcha sharoitlar, jumladan, dori-darmonlar va oziq-ovqatlar ta’minoti to‘liq ekanligini aytib o‘tgan. Fuqarolarning ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam qoniqarli emasligi to‘g‘risidagi fikrlarini tinglab, ularning savollariga atroflicha javob bergan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev mutasaddilarga fuqarolarning ehtiyoj va iltimoslarini o‘rganib, ularni talab darajasida qondirish yuzasidan topshiriq bergan.

Shundan so‘ng hokim Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmati dispetcherlik markazida bo‘lib, kelib tushayotgan murojaatlarning qabul qilinish jarayonini ko‘zdan kechirgan. Shuningdek, u markaz xodimlariga fuqarolardan murojaatlarni tez qabul qilish, tibbiy yordam guruhlarini murojaat manzillariga o‘z vaqtida jo‘natish va aholi bilan samimiy muloqotda bo‘lish yuzasidan tavsiyalar bergan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib”, mukammal shug‘ullanmagani uchun sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilingandi.

Янгиликлар