Sooronbay Jeenbekov: “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li bizga havodek zarur”

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 17-iyul kuni transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov bilan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi masalasida onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Kaktus.media” xabar berdi.

Foto: “President.kg”

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Hozirda Bishkek—Qora-Balta yo‘lida organomineral qatlam yotqizilyapti, yil yakuniga qadar asfaltlash ishlari tugallanadi. Xarajatlarni tejash hisobiga Bishkek yaqinidagi 7-kilometr uchastkasi qurilish ishlari oxiriga yetkaziladi.

Jeenbekov Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilish loyihasini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, bu yo‘nalishda barcha tomonlar siyosiy qaror qabul qilganini eslatdi.

Foto: “President.kg”

“Biz dengizga chiqa olmasligimiz sabab pandemiya davrida ‘qulflanib qoldik’. Chegaralar yopilgach, nafaqat iqtisodiy, balki oziq-ovqat xavfsizligiga ham tahdid paydo bo‘ldi. Aholini zarur mahsulotlar bilan ta’minlash masalasi xavf ostida qolmoqda. Shu sababli mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish juda muhim, ushbu temiryo‘l  bizga havo kabi zarur”, — deydi prezident.

Bundan tashqari, davlat rahbari yuk tashuvchi mashinalar tizimini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratgan.

Foto: “President.kg”

“Og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalari yo‘llarni ishdan chiqarmoqda, bu sohadagi korrupsiya hali ham yo‘q qilinmagan. Yuk tashuvchi mashinalar tizimining to‘liq raqamlilashtirilishi va olingan mablag‘lar korrupsiya xavfini bartaraf etishi uchun ushbu tizimdagi ishchilarning maoshini oshirishga yo‘naltirilishi kerak”, — deydi Jeenbekov.

Yakunda prezident mintaqalardagi ichki yo‘llarni yaxshilash masalasiga to‘xtalib, yoz mavsumida chekka tog‘li hududlarda yo‘llarni ta’mirlash ishlarini boshlash zarurligini ta’kidlagan.

Avvalroq Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi 3 davlat vakillari tomonidan muhokama qilingani haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil noyabr oyida Rossiya ushbu temiryo‘l qurilishi uchun 3 million dollar ajratgani ma’lum qilingan.

Янгиликлар