Diniy qo‘mita samarqandlik soxta payg‘ambar videosiga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “Allohning elchisi” deb atayotgan samarqandlik erkak videosi tarqaldi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Kadr: Telegram

Ta’kidlanishicha, turli safsatalarni to‘qiyotgan shaxsning gap-so‘zlari ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, mo‘min-musulmon aholining asosli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

“O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’i nazar) konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati, diniy mansubligini hurmat qilishga majburdir.

Yurtimiz hududida faoliyat yuritayotgan har bir din vakilining diniy manbalari, qadriyatlari, muqaddas tuyg‘ulari, ular tomonidan e’zozlanadigan shaxslar hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lish, obro‘sizlantirish, soxta da’vo va tuhmat qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston aholisining 90 foizidan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Shu nuqtayi nazardan o‘zini ‘Payg‘ambar’ deb e’lon qilgan shaxsning da’vosi keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi keskin bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi, o‘z navbatida, musulmonlarga nisbatan noo‘rin gap-so‘zlar paydo bo‘lishiga ham zamin yaratdi.

Bu esa odamlar o‘rtasida turli noroziliklar, ixtiloflar keltirib chiqarishi voqelikda ma’lumdir. Tarixda esa bu kabi harakatlar qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bugungi murakkab davrda odamlarni diniy e’tiqodlariga taalluqli bo‘lgan bu kabi nojoiz holatni qoralaydi. “Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala yuzasidan fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lib, bu kabi soxta payg‘ambarlar har zamonda uchrab turishi nuqtayi nazaridan unga ortiqcha e’tibor bermaslikni so‘raydi”, — deyiladi qo‘mita munosabatida.

Янгиликлар