Quvayt amiri kasalxonaga yotqizildi

Quvayt amiri Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda “Arab News” xabar berdi.

Foto: “AFP”

Xabarda batafsil ma’lumotlar ochiqlanmagan. Ayni vaqtda amir o‘zini yaxshi his qilayotgani aytilgan.

Eslab o‘tamiz, 2019-yil avgustda Quvayt rasmiylari amirning muvaffaqiyatsiz tibbiy muolajalarni boshdan kechirganini, shu tufayli kasalxonaga yotqizilganini tan olgan edi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif o‘zining “Twitter”dagi sahifasida amirning tezroq sog‘ayib ketishini so‘rab, duo qilishini yozganidan keyin xabar qilingan.

91 yoshli Saboh IV — dunyodagi eng yoshi ulug‘ davlat rahbarlaridan biri. U ushbu lavozimni 2006-yil 29-yanvardan beri egallab turibdi. As-Saboh mintaqadagi muammolarni, jumladan, Qatarga qo‘shni mamlakatlar tomonidan e’lon qilingan boykotni diplomatik yo‘l bilan hal qilishni talab qiladi. Qo‘shni mamlakatlar esa Dohani arab davlatlarida ichki siyosiy vaziyatni izdan chiqarishda va terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi.