Marg‘ilonda ijaraga olgan “Matiz”ni qariyb 3000 dollarga sotib yuborgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida “Matiz” avtomashinasini ijaraga olib, keyin boshqa fuqaroga sotib yuborgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 2020-yil mart oyida fuqaro D.Q. tanishi N.A.ning ishonchiga kirib, “Matiz” avtomashinasi uchun har oy 600 000 so‘m ijara haqi to‘lashini aytgan. D.Q. aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan avtomashinani boshqa shaxsga 2850 AQSh dollari evaziga sotib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq Farg‘onada fuqaroga avtomobil olib berishni va’da qilib, uni 3500 AQSh dollariga chuv tushirgan shaxs qo‘lga olingani, shuningdek, o‘ziga tegishli bo‘lmagan uyni 7 ming dollarga sotib yuborgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар