Beruniy tumani hokimligi hududdagi tartibsizlikdan so‘ng Nayman kanaliga suv yetkazib berilganini ma’lum qildi

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida bir guruh fuqarolar suv tanqisligidan norozi bo‘lib, Nukus—Toshkent magistral yo‘lini to‘sib qo‘yganidan so‘ng Nayman kanaliga suv yetkazib berilgani ma’lum qilindi.

Kadr: Telegram

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani “Abay” MFY hududidagi katta yo‘l bo‘yida Nayman kanaliga suv kelmagani tufayli aholi tomorqasiga suv yetkazish to‘xtab qolgani uchun norozilik sifatida tartibsizlik yuzaga keltirilgandi. Ta’kidlanishicha, voqea joyiga Beruniy tumani hokimi va mutasaddi rahbarlar o‘z vaqtida yetib kelgan. Shu yerning o‘zida masala yechimi topilib, Nayman kanaliga suv yetkazib berilgan.

“Albatta, aholining noroziligi o‘rinli, lekin shu o‘rinda yana bir narsani hisobga olish zarur. Beruniy tumani qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 13 ta hududga bo‘lingan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bu hududlarga suv berish mushkul ishdir. Bu holat bo‘yicha navbatma-navbat sug‘orish tizimi joriy qilingan. Hozirgi kunda kunning issiqligi ham ekinlarning tez suvsizlanishini keltirib chiqarmoqda”, — deyiladi hokimlikning rasmiy axborotida.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda bir guruh fuqarolar Nukus—Toshkent magistral yo‘lini to‘sib qo‘ygani xabar qilingan edi. Fuqarolarning bir necha soat davomida Nayman ko‘prigi yaqinida magistral yo‘lni to‘sishi natijasida tirbandlik hosil bo‘lgan.

Янгиликлар