Farg‘onaga Janubiy Koreyadan koronavirusni aniqlovchi 4 mingta ekspress-test olib kelindi

Farg‘ona viloyatiga 19-iyul kuni Janubiy Koreyadan koronavirus infeksiyani aniqlovchi 4 mingta ekspress-test olib kelindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Ta’kidlanishicha, mazkur test natijasi 5-10 daqiqada ma’lum bo‘ladi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Janubiy Koreyaga qilgan xizmat safari chog‘ida koronavirusni aniqlovchi ekspress-testlarni viloyatga olib kelish borasida kelishuvga erishgan. 19-iyul, yakshanba kuni test to‘plamlarining dastlabki qismi viloyatga olib kelingan.

“Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusni aniqlash maqsadida PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) usulidan foydalanilmoqda. Tekshiruvning javobi chiqishi uchun kamida 6-8 soat vaqt sarflanadi. Ba’zan 5-6 kunlab test natijasini kutish holatlari uchrab turibdi. Viloyatlarda yuk tashuvchi haydovchilar ko‘proq shu muammoga duch kelib, bir nech kunlab test natijasini kutishga to‘g‘ri kelyapti. Endilikda bunga aslo hojat qolmadi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Mazkur ekspress-test nafaqat koronavirusni yuqtirganlikni aniqlab beradi, balki ilgari fuqaro bu kasallikka duchor bo‘lgan yoki bo‘lmaganini ham ko‘rsatadi. Eng asosiysi, vaqt tejaladi. Ayni kunlarda bu ekspress-testlardan chegara-nazorat o‘tkazish maskanlari, yirik tashkilot va korxonalarda foydalanish boshlandi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq So‘x tumanida 189 kishi koronavirus yuqtirganlikda gumonlanib, karantinga olingani ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 165 nafarga ortib, 17 314 nafarni tashkil etdi. Ayni paytga qadar 9463 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (55 foiz) sog‘aygan. Hozirda 7760 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар